Kompakt ventilyatorli gradirnyada issiqlik va massa almashinuvning uch fazali modeli hamda uning tajribaviy adekvatligini baholash
Referat
Dolzarbligi: aylanma suv ta'minoti tizimlarida ishlatiladigan gradirnyalar issiqlik elektr stansiyalari hamda kimyo, neft-kimyo va oziq-ovqat sanoati korxonalarining energiya samaradorligini belgilovchi asosiy qurilmalardan biridir. O'zbekistonning issiq va quruq iqlimida havo harorati 40 °C dan oshganda gradirnyalarning sovitish chuqurligi keskin kamayadi, bu esa texnologik uskunalar rejimining yomonlashuviga olib keladi. Maydoni cheklangan korxonalar uchun kompakt ventilyatorli gradirnyalar istiqbolli bo'lib, ularda ixchamlik bilan energetik samaradorlik o'rtasidagi ziddiyatni hal qilish dolzarb vazifa hisoblanadi. Keng qo'llaniladigan Merkel va Poppe modellari quvurli nasadkada havoning bilvosita dastlabki sovishini hisobga olmaydi, shuning uchun aniqroq hisoblash modelini ishlab chiqish talab etiladi.
Maqsad: ichi boʻsh gorizontal quvurlardan iborat nasadkali kompakt ventilyatorli gradirnyada kechadigan issiqlik–massa almashinuv jarayonining uch fazali matematik modelini ishlab chiqish, uning empirik koeffitsiyentlarini tajriba maʼlumotlari boʻyicha identifikatsiyalash va modelning adekvatligini baholash.
Usullari: uch oʻlchamli koʻp fazali tenglamalar tizimini ketma-ket reduksiyalash orqali bir oʻlchamli muhandislik modeli olindi; chegaraviy masala toʻrtinchi tartibli kollokatsiya usuli bilan yechildi.
Natijalar: model parametrlari identifikatsiyalandi (CK = 1,86; K1 = 700 Vt/(m³·K); K2 = 0,624 kg/(m³·s)); ular Merkel usuli boʻyicha mustaqil aniqlangan βxv = 0,567 ± 0,019 kg/(m³·s) bilan 10 % aniqlikda mos keldi. Model tajriba bilan sovitilgan suv harorati boʻyicha MAPE = 0,8 %, issiqlik quvvati boʻyicha 5,5 % aniqlikda mos tushdi. 2023–2025-yillarning eng issiq kunlarida oʻtkazilgan 15 ta sinovda havoning quvurlar ichidagi bilvosita dastlabki sovishi Δ = 1,60…2,56 K (oʻrtacha 2,02 K) ni tashkil etdi; uning atmosfera haroratiga chiziqli bogʻliqligi (R² = 0,989) model parametri bilan 1,2 % aniqlikda mos keldi.
