Ishlab chiqarish yuklamasini optimal qayta taqsimlash sanoat korxonasining elektr energiyasi iste’molini minimallashtirish usuli sifatida

TO'LIQ MATN:

Referat

Dolzarbligi: sanoat korxonalarida elektr energiyasi iste’molini asosiy elektr qabul qiluvchilarning ishlashini bevosita cheklash hisobiga kamaytirish har doim ham maqsadga muvofiq emas, chunki bu texnologik jarayonning buzilishiga va ishlab chiqarish unumdorligining pasayishiga olib kelishi mumkin. Shu sababli, boshqaruvning oqilona yo‘nalishlaridan biri belgilangan mahsulot ishlab chiqarish hajmini saqlab qolgan holda ishlab chiqarish va unga mos elektr yuklamalarini texnologik bo‘linmalar o‘rtasida optimal ravishda qayta taqsimlashdan iborat.


Ushbu masalani hal etish uchun bo‘linmalarning ishlab chiqarish unumdorligi bilan elektr energiyasining tegishli sarfi o‘rtasidagi miqdoriy bog‘liqlikni aniqlash, shuningdek, texnologik va elektrotexnik cheklovlarni hisobga olish zarur.


Maqsad: Sanoat korxonasining belgilangan mahsulot ishlab chiqarish hajmini saqlab qolish va o‘rnatilgan texnologik cheklovlarga rioya qilish sharti bilan jami elektr energiyasi iste’molini minimallashtirishni ta’minlaydigan ishlab chiqarish yuklamasini optimal qayta taqsimlashning matematik modelini shakllantirish.


Usullar: Tadqiqot ishida ishlab chiqarish-energetika tizimini matematik formallashtirish, solishtirma elektr energiyasi iste’molini mahsulot ishlab chiqarish hajmining funksiyasi ko‘rinishida ifodalash, ishlab chiqarish bo‘linmalarining energetik xarakteristikasini eksponensial approksimatsiya qilish, ishlab chiqarish yuklamasining optimal taqsimotini aniqlash uchun Lagranj usuli va statsionarlik shartlaridan foydalanish kabi usullar qo‘llanilgan. Aktiv cheklovlar mavjud bo‘lgan hollarda ishlab chiqarish yuklamasi tegishli texnologik chegara qiymatida qat’iy belgilanadi, yuklamaning qolgan qismi esa boshqa ishlab chiqarish bo‘linmalari o‘rtasida optimal ravishda qayta taqsimlanadi.


Natijalar: Jami elektr energiyasi iste’molini minimallashtirish masalasining matematik qo‘yilishi mahsulot ishlab chiqarishning belgilangan umumiy hajmini majburiy ravishda saqlab qolish sharti bilan olindi. Hisoblash umumiy ishlab chiqarish hajmi 3000 t bo‘lgan uchta ishlab chiqarish liniyasi uchun, har bir liniyaning ruxsat etilgan ishlab chiqarish unumdorligi 850-1150 t oralig‘ida bo‘lishi sharti bilan amalga oshirildi. Dastlabki rejimda yuklama teng taqsimlangan: 1000+1000+1000=3000 t. Optimallashtirish natijasida 1140 + 850 + 1010 = 3000 t taqsimot olindi. Bunda jami elektr energiyasi iste’moli 2797136 dan 2743655 kVt·soatgacha kamaydi, mutlaq kamayish esa 53481 kVt·soatni tashkil etdi.

Mualliflar haqida

Qanday qilib iqtibos keltirish mumkin

Ikromjon U. Raxmonov, & Aysulu M. Najimova. (2026). Ishlab chiqarish yuklamasini optimal qayta taqsimlash sanoat korxonasining elektr energiyasi iste’molini minimallashtirish usuli sifatida . ENERGIYA VA RESURS TEJASH MUAMMOLARI, 3(3), 124–131. Retrieved from https://energy.tdtu.uz/index.php/journal/article/view/418
Ko'rishlar soni: 7

Ushbu muallif(lar)ning eng koʻp oʻqilgan maqolalari

1 2 > >>