O‘zbekiston energetika tizimining shimoli-g‘arbiy qismida BESSning ulanish tuguni va quvvatini robust ko‘p mezonli tanlash
Referat
Dolzarbligi: Qayta tiklanuvchi energiya manbalarining elektr energetika tizimlariga jadal integratsiyalashuvi sharoitida akkumulyatorli energiya saqlash tizimlarini (BESS) samarali qo‘llash uchun ularning ulanish tuguni va quvvatini asoslangan holda tanlash muhim ahamiyat kasb etadi. Energetika tizimining mavsumiy va yuklama rejimlari, aktiv va reaktiv quvvat almashinuvi hamda N–1 mezoni bo‘yicha avariyadan keyingi holatlarni kompleks hisobga olish BESS parametrlarini tanlashning ishonchliligi va robastligini oshirish imkonini beradi.
Maqsad: O‘zbekiston energetika tizimining shimoli-g‘arbiy qismida turli mavsumiy va yuklama rejimlarini, aktiv va reaktiv quvvatni boshqarish imkoniyatlarini hamda N–1 mezonini hisobga olgan holda BESSning optimal ulanish tuguni va quvvat o‘zgartirish tizimi (PCS) quvvatini robast ko‘p mezonli baholash asosida aniqlash.
Usullari: Tadqiqotda ikkita haqiqiy mavsumiy ish rejimi va yuklamaning uchta darajasi asosida ko‘p rejimli modellashtirish, BESS aktiv quvvatining ikki yo‘nalishli almashinuvi, reaktiv quvvatni rostlash, ko‘p mezonli baholash va mezonlar vazn koeffitsiyentlarini kombinatsion tahlil qilish usullaridan foydalanildi. O‘zbekiston energetika tizimining shimoli-g‘arbiy qismi modelidagi 44 ta tugun baholandi. Tanlangan yechimning robastligi N–1 mezoni bo‘yicha 47 ta umumiy uzilish holatini modellashtirish orqali tekshirildi.
Natijalar: Ko‘p mezonli baholash natijasida Xorazm ORU-110 tuguni 0,677 robast ball bilan eng maqbul BESS ulanish nuqtasi sifatida aniqlandi. Mazkur tugun mezonlar vazn koeffitsiyentlarining 66 ta kombinatsiyasidan 77,3 % holatda birinchi o‘rinni egalladi va kritik N–1 rejimlarida ham yetakchiligini saqlab qoldi. 47 ta umumiy uzilish bo‘yicha jami 1692 ta muvaffaqiyatli yaqinlashgan hisob-kitob bajarildi. Hisoblash natijalariga ko‘ra, PCSning minimal ruxsat etilgan aktiv quvvati 70 MVt, to‘liq quvvati 84 MVA, nominal aktiv quvvatda mavjud reaktiv quvvat imkoniyati esa 46,43 Mvar etib belgilandi.
