Asinxron generatorga aktiv yuklama ulangandagi o‘tkinchi jarayonlarda chiqish kuchlanishini barqarorlashtirilishiga doir tadqiqot natijalari

TO'LIQ MATN:

Referat

Dolzarbligi: So‘nggi yillarda dunyoning ko‘plab mamlakatlarida energiya resurslarini tejash, yangidan yangi muqobil energiya manbalarini yaratish va mavjud qayta tiklanuvchi energiya (QTE) manbalaridan oqilona foydalanish masalalariga alohida ahamiyat berilmoqda. Rivojlangan mamlakatlar bo‘yicha, «2020-yil uchun samaradorlikning muhim ko‘rsatkichlari sharhida QTE manbalarining eng katta ulushlari Shvetsiyaga - 60,1%, Finlyandiyaga - 43,8% va Latviyaga - 42,1% to‘g‘ri kelishi ma’lum qilingan. Ushbu mamlakatlardagi asosiy energiya ishlab chiqarish manbalari GES va SHES lar, shuningdek, biomassani qayta ishlash manbalari hisoblanadi» [1]. Bu borada, avtonom tizimlar quvvat manbalari tuzilishining soddaligi, texnik xizmat ko‘rsatishning qulayligi, nisbatan kichik massa (kVA/kg) va hajmga ega bo‘lishi, hamda holat parametrlarining barqarorligi kabi talablarga alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘zgaruvchan tok generatorlarining tuzilishida asosan sinxron mashinalar, fazali rotorli hamda qisqa tutashgan rotorli asinxron mashinalar qo‘llaniladi. Faza rotorli asinxron mashinalarda stator va rotor zanjirlariga integratsiyalangan chastota o‘zgartkichlari generatorning qo‘zg‘atish jarayonlarini faol boshqarish imkonini beradi, biroq bunday tizimlarda generator rejimlarini optimal nazorat qilish uchun qo‘shimcha tashqi quvvat manbalari zarur bo‘ladi. Qisqa tutashgan rotorli asinxron mashinalarda esa magnit o‘zagidagi qoldiq magnitlanishdan foydalanish orqali stator chulg‘amlariga kondensator batareyalarini ulash generatorning o‘z-o‘zini qo‘zg‘atish mexanizmini ishga tushirish va chiqish kuchlanishining barqarorligini ta’minlash imkonini beradi. Ushbu kondensatorli qo‘zg‘atish sxemasi markazlashmagan xarakterga ega bo‘lib, avtonom energiya ta’minoti sharoitida generator qurilmasining ish rejimlariga moslashuvchanlik va mustaqil boshqaruv imkoniyatini yaratadi, bu esa shamol energetikasi tizimlarida yuqori samaradorlik va ishonchlilikni kafolatlaydi. Mazkur maqolada, o‘tkazilgan tajriba natijalari asosida quvvati 4 kW bo‘lgan qisqa tutashgan rotorli asinxron generator (AG) ga turli qiymatlarga ega aktiv yuklamalar ulangan holatlari uchun o‘tkinchi jarayonlaridagi chiqish kuchlanish qiymatini aks ettirgan ossillogrammalar olindi va tahlil qilindi.


Maqsad: avtonom holatda ishlayotgan AG ning aktiv yuklamasini o‘zgartirish jarayoniga mos o‘tkinchi jarayonlarda chiqish kuchlanishini barqarorlashtirish va natijalarini tahlil qilish.


Usullari: tajriba asosida elektr energetikasi tizimlarining barqarorlashgan va o‘tkinchi jarayonlarini  tahlil qilish usullardan foydalanildi.


Natijalar: avtonom tizimlarning quvvat manbalari konstruksiyasining soddaligi, texnik xizmat ko‘rsatishning qulayligi, nisbatan kichik massa (kVA/kg) va hajmga ega bo‘lishi, chiqish holat parametrlarining barqarorligi kabi talablarga javob berishi lozim. Tahlil asosida AG ni qayta tiklanuvchi energiya manbalarida foydalanish bo‘yicha tegishli takliflar kiritiladi.

Mualliflar haqida

Qanday qilib iqtibos keltirish mumkin

Maxsud K. Bobojanov, Yunus M. Bobojonov, & Bayrambay T. Seitmuratov. (2026). Asinxron generatorga aktiv yuklama ulangandagi o‘tkinchi jarayonlarda chiqish kuchlanishini barqarorlashtirilishiga doir tadqiqot natijalari. ENERGIYA VA RESURS TEJASH MUAMMOLARI, 2(2), 84–90. Retrieved from https://energy.tdtu.uz/index.php/journal/article/view/383
Ko'rishlar soni: 41

Ushbu muallif(lar)ning eng koʻp oʻqilgan maqolalari