Past kuchlanishli taqsimlovchi elektr tarmoqlarini matematik modellashtirish
Referat
Dolzarbligi: bugungi kunda 0,4 kV kuchlanishli uch fazali taqsimlovchi elektr tarmoqlar energiya ta’minoti tizimining asosiy bo‘g‘ini hisoblanadi. Tarmoqlarda yuklama nosimmetriyasi, fazalar nomutanosibligi va real vaqtda nazoratning yetarli darajada yo‘lga qo‘yilmaganligi energiya sifati hamda ishonchliligini pasaytiradi. Shuningdek, ENHATni joriy etish sharoitida taqsimlovchi elektr tarmoq holatini matematik modellashtirish orqali tezkor monitoring va tahlilini ta’minlash dolzarb vazifa sanaladi. Bu nafaqat elektr energiyasi isroflarini aniqlash, balki magistral liniya parametrlarini baholash, yuklamalarning dinamik o‘zgarishini real vaqt rejimida kuzatish imkonini ham yaratadi. Shu boisdan, nosimmetrik uch fazali tarmoqlarning aniq matematik modellarini ishlab chiqish va ular asosida tahlil usullarini takomillashtirish amaliyotda muhim ahamiyat kasb etadi.
Maqsad: 0,4 kV kuchlanishli nosimmetrik uch fazali taqsimlovchi elektr tarmoqlarning matematik modelini ishlab chiqish, unda o‘lchanmaydigan tok va kuchlanishlarni real vaqt rejimida aniqlash usullarini takomillash-tirish hamda ENHAT tizimida qo‘llash uchun samarali algoritmlarni ishlab chiqishdan iborat.
Usullari: tadqiqotda elektr zanjirlar nazariyasi, signallarni raqamli qayta ishlash, identifikatsiya va optimal-lashtirish usullariga asoslangan matematik modellashtirish uslubiyati qo‘llanildi. Nosimmetrik rejimdagi tok va kuchlanish kattaliklari simmetrik tarkiblarga ajratildi, o‘lchanmagan parametrlar korrelyatsion va adaptiv hisoblash usullari yordamida baholandi. Shu bilan birga, ma’lumotlarni yig‘ish va tahlil qilishda ENHAT tarkibidagi telekommunikatsion modullar hamda ma’lumotlar konsentratori imkoniyatlaridan foydalanildi.
Natijalar: maqola tadqiqoti natijasida 0,4 kV kuchlanishli nosimmetrik uch fazali tarmoqning matematik modeli yaratildi va uning asosida o‘lchanmaydigan elektr o‘zgaruvchilarini aniqlashning aniqligi oshirildi. Taklif etilgan uslubiyat orqali tarmoqning elektr energiyasi sifati ko‘rsatkichlarini baholash, magistral liniya qarshiliklarining joriy qiymatlarini aniqlash va energiya isroflarini monitoring qilish imkoni yaratildi. Olingan natijalar ENHAT tizimida tatbiq etilishi mumkin bo‘lib, ular orqali taqsimlovchi elektr tarmoqning ish samaradorligini va nazorat darajasini sezilarli oshirish imkoni tug‘ildi.
