O‘zbekistonda suv va energiya tanqisligi sharoitida qayta tiklanuvchi manbalar asosidagi havo sovitish qurilmasining ilmiy va texnologik asoslari

TO'LIQ MATN:

Referat

Dolzarbligi: O‘zbekistonda suv va energiya resurslari taqchilligi yildan yilga sezilarli darajada ortib bormoqda. Ayniqsa, iqlim o‘zgarishi va qurg‘oqchilik jarayonlari tufayli qishloq xo‘jaligi va aholi ehtiyojlari uchun samarali va energiya tejamkor sovitish texnologiyalariga talab oshmoqda. Jahonda an’anaviy bug‘lantiruvchi qurilmalar asosan chuchuk suv va nasos-kompressor uskunalariga bog‘langan bo‘lib, ularni O‘zbekiston sharoitida to‘liq va uzluksiz qo‘llash iqtisodiy va texnologik jihatdan murakkabdir. Shu bois, tuzlangan suvda, nasossiz va energiya tejamkor sharoitda ishlaydigan innovatsion bug‘lantiruvchi sovitish qurilmasini yaratish, uning texnologik asoslarini ishlab chiqish va tatbiq etish masalasi dolzarb ilmiy va amaliy ahamiyat kasb etmoqda.


Maqsad: taqdim etilayotgan maqoladagi asosiy maqsad – tuzlangan suvda nasossiz ishlaydigan, kapillyar gigroskopik material asosida bug‘lanish orqali havoni sovitishga mo‘ljallangan qurilmaning texnologik va ilmiy asoslarini ishlab chiqish, uning energotejamkorlik va ekologik afzalliklarini tahlil qilish, shuningdek, mazkur qurilmaning qishloq hududlardagi amaldagi sharoitlarda joriy qilish imkoniyatlarini baholashdan iborat.


Usullari: tadqiqotda mavjud Breezair va Sabiel qurilmalari bilan texnik-iqtisodiy taqqoslash, suvning tuzli tarkibidagi bug‘lanish jarayonini modullashtirish, qurilmadagi kapillyar gigroskopik materiallarda suvning tabiiy sirkulyatsiyasini eksperimental yo‘l bilan tekshirish va uni ventilyator orqali havo oqimidagi sovitish samaradorligi bilan bog‘liq tahlillar qo‘llanildi. Shuningdek, suv sarfi, energiya iste’moli va ekspluatatsiya xarajatlari bo‘yicha solishtirma tahlillar o‘tkazildi.


Natijalar: olib borilgan tahlillar va eksperimental xulosalarga ko‘ra, taklif etilayotgan qurilmada nasos va kompressorlar mavjud emasligi uning ekspluatatsiya xarajatlarini keskin kamaytiradi. Suv manbai sifatida minerallashgan (10–12 g/l) tuzli suvdan foydalanish imkoni mavjudligi uni suv tanqis hududlar uchun moslashtiradi. Energiya sarfi faqat ventilyatorga bog‘liq bo‘lib, 100–150 W·soatni tashkil etadi. Qurilma maishiy, qishloq xo‘jaligi, agro va off-grid hududlarda samarali qo‘llanishi mumkin. Undan tashqari, O‘zbekiston iqlim sharoitida, ayniqsa Qoraqalpog‘iston va Orolbo‘yi hududlarida mazkur texnologiya muhim ahamiyat kasb etishi va o‘rnatish imkoniyatlarining yuqoriligi aniqlandi.

Mualliflar haqida

Qanday qilib iqtibos keltirish mumkin

Kamal M. Reymov, & Fozildjon A. Xoshimov. (2026). O‘zbekistonda suv va energiya tanqisligi sharoitida qayta tiklanuvchi manbalar asosidagi havo sovitish qurilmasining ilmiy va texnologik asoslari. ENERGIYA VA RESURS TEJASH MUAMMOLARI, (3), 129–134. Retrieved from https://energy.tdtu.uz/index.php/journal/article/view/232
Ko'rishlar soni: 33