Yashil energetikaga o‘tish davrida O‘zbekiston elektr energetika tizimining ishonchliligini oshirish
Referat
Dolzarbligi: Markaziy Osiyoning Birlashgan energetika tizimiga (BET) qayta tiklanuvchi energiya manbalarini (QTM) keng ko‘lamda integratsiya qilish rejalari doirasida elektr energiyasi ishlab chiqarish va iste’mol o‘rtasidagi muvozanatni saqlash masalasiga alohida e’tibor qaratish zarur. Qayta tiklanuvchi energiya manbalari (QTM) asosida ishlab chiqariladigan elektr energiyasining uzluksiz bo‘lmagan tabiati energetika tizimining ishlash barqarorligiga sezilarli ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Ushbu tadqiqot elektr energiyasi ishlab chiqarish va iste’mol o‘rtasidagi qoplanmagan nomutanosiblik ehtimolini kamaytirish va iste’molchilarga elektr energiyasi yetkazib berish ishonchliligini oshirishga qaratilgan zamonaviy energiya saqlash tizimlarini o‘rganadi. Tahlil natijasida O‘zbekistonda joriy etish uchun eng mos energiya saqlash tizimlari turlari aniqlanadi hamda qayta tiklanuvchi energiya manbalari (QTM) integratsiyasi orqali energiya tanqisligini qoplash imkoniyatlari baholanadi.
Maqsad: yashil energetikaga o‘tish jarayonida O‘zbekistonning elektr energetika tizimining moslashuvchanligi va ishonchliligini oshirish imkoniyatlarini o‘rganish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarining keng joriy etilishi sharoitida tizimda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muvozanatsizlik va barqarorlik muammolarini aniqlash hamda ularni bartaraf etish bo‘yicha zamonaviy texnologik yechimlar, jumladan energiya saqlash tizimlari va boshqa qo‘llab-quvvatlovchi vositalarning samaradorligini baholash.
Usullari: SCADA/EMS, SMART GRID va virtual elektr stansiyalar(VES) kabi ilg‘or boshqaruv tizimlarining joriy etilishi va ularning real vaqtda tizimga ta’siri baholandi. Ularning yordamida qayta tiklanuvchi energiya manbalarining tizimga moslashtirilgan boshqaruvi o‘rganildi.
Natijalar: qayta tiklanuvchi energiya manbalarining (QTM) tezkor va keng ko‘lamli integratsiyasi O‘zbekiston elektr energetika tizimi uchun yangi muammolarni yuzaga keltirmoqda. Xususan, ishlab chiqarish va iste’mol o‘rtasidagi muvozanatning saqlanmasligi, chastota tebranishlari va kuchlanishdagi beqarorliklar tizim barqarorligini pasaytiradi.
