10–35 kV kabel taqsimlovchi elektr tarmoqlarida energiya samaradorligini texnik-iqtisodiy baholash
Referat
Dolzarbligi: 10–35 kV taqsimlovchi elektr tarmoqlarida nominal kuchlanish va kabel o‘tkazgich kesimini asosli tanlash elektr energiyasi isroflari, kuchlanish og‘ishlari hamda kapital va ekspluatatsion xarajatlarga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Amaldagi loyihalash amaliyotida ushbu parametrlar ko‘pincha alohida baholanadi. Biroq yuklamaning o‘sishi, elektr energiyasi narxining oshishi va tarmoq elementlari qiymatining o‘zgarishi ularni o‘zaro bog‘liq texnik-iqtisodiy mezonlar asosida tanlashni talab etadi. Shu sababli o‘rta kuchlanishli kabel tarmoqlarining energiya samaradorligini diskontlangan xarajatlar, ruxsat etilgan qizish, qisqa tutashuv toki va kuchlanish yo‘qotishlarini hisobga olgan holda baholash dolzarb masala hisoblanadi.
Maqsad: 10, 20 va 35 kV kabel taqsimlovchi elektr tarmoqlarida nominal kuchlanish va kabel o‘tkazgichining ko‘ndalang kesim yuzasini texnik cheklovlar hamda diskontlangan xarajatlar asosida ratsional tanlash usulini ishlab chiqishdan iborat.
Usullari: kabel liniyalarining hisobiy toki va iqtisodiy tok zichligini aniqlash, normal hamda qisqa tutashuv rejimlarida qizish bo‘yicha tekshirish, kuchlanish yo‘qotishlarini hisoblash, aktiv quvvat va elektr energiyasi isroflarini aniqlash hamda diskontlangan xarajatlarni qiyosiy baholash usullaridan foydalaniladi. Hisoblashlarda 10, 20 va 35 kV kabel liniyalari uchun texnik-iqtisodiy ko‘rsatkichlar o‘zaro solishtiriladi.
Natijalar: kabel liniyasining kuchlanishi oshishi bilan bir xil quvvatni uzatish uchun hisobiy tok va aktiv quvvat isroflari kamayishi aniqlandi. 20 kV kabel tarmoqlaridan foydalanish 10 kV tarmoqlariga nisbatan kabel kesimini kamaytirish, ruxsat etilgan kuchlanish yo‘qotishlarida liniyaning xizmat ko‘rsatish radiusini oshirish hamda elektr energiyasi isroflarini kamaytirish imkonini beradi. 35 kV variantida kabel liniyasi bo‘yicha xarajatlar kichik bo‘lishi mumkin, biroq yakuniy tanlovda podstansiya va kommutatsiya uskunalari uchun kapital xarajatlarni ham hisobga olish lozimligi asoslandi. Taklif etilgan yondashuv texnik jihatdan ruxsat etilgan variantlar ichidan minimal diskontlangan xarajatli yechimni tanlash imkonini beradi..
