Ishlab chiqarish korxonalarida elektr energiyasi iste’molini me’yorlash va optimallashtirishning boshqarish blok-sxemasi
Referat
Dolzarbligi: Bugungi kunda sanoat korxonalarida elektr energiyasidan samarali va oqilona foydalanish, energiya sarfini kamaytirish hamda ishlab chiqarish jarayonlarining energetik samaradorligini oshirish muhim vazifalardan biri hisoblanadi. Ayniqsa, uzluksiz ishlab chiqarish jarayoniga ega korxonalarda elektr energiyasi iste’molining yuqori darajada bo‘lishi va unga ta’sir etuvchi texnologik, energetik hamda ekspluatatsion omillarning ko‘pligi energiya sarfini aniq me’yorlashni murakkablashtiradi. Mavjud me’yorlash yondashuvlarida ushbu omillarning o‘zaro bog‘liqligi yetarli darajada hisobga olinmasligi hisoblash natijalarida xatoliklarning yuzaga kelishiga sabab bo‘lishi mumkin. Shu bois elektr energiyasining solishtirma sarfini matematik-statistik usullar asosida aniqlash, asosiy ta’sir etuvchi omillarni ajratib olish va energiya iste’molini zamonaviy avtomatlashtirilgan tizimlar yordamida boshqarish dolzarb masala hisoblanadi.
Maqsad: Sanoat korxonalarida elektr energiyasi iste’molini ilmiy asosda me’yorlash va solishtirma energiya sarfini aniqlashning matematik modelini ishlab chiqish hamda iste’molni optimallashtiruvchi boshqaruv algoritmini taklif etish
Usullari: Tadqiqotda matematik statistika, korrelyatsion va ko‘p omilli regressiya tahlili, eng kichik kvadratlar usuli hamda Fisher mezoni qo‘llanilgan. Shuningdek, Smart Meter, ENHAT va SCADA tizimlari asosida real vaqt rejimida monitoring va boshqaruv algoritmi ishlab chiqilgan.
Natijalar: Elektr energiyasi sarfiga eng katta ta’sir qiluvchi omillar — tok ostida ishlash davomiyligi, pechning to‘xtab turish vaqti va eritma massasi aniqlandi. Ishlab chiqilgan modelning adekvatligi Fisher mezoni bilan tasdiqlanib, haqiqiy va hisobiy qiymatlar orasidagi o‘rtacha og‘ish 1,9 % ni tashkil etdi. Taklif etilgan boshqaruv algoritmi esa elektr energiyasi iste’molini 3–5 % gacha kamaytirish imkonini beradi.
