Qutblari 8/4 nisbatli qutblar soni oʻzgaruvchan chulgʻamni ishlab chiqish va elektr magnit tahlil qilish

TO'LIQ MATN:

Referat

Dolzarbligi: ikki tezlikli asinxron motorlarni takomillashtirish texnologik jarayoni ikkita belgilangan aylanish tezligida ishlashni talab etadigan mexanizmlarning elektr yuritmalari uchun dolzarb vazifa hisoblanadi. Alohida stator chulg‘amlaridan foydalanish paz bo‘shlig‘idan foydalanish imkoniyatlarini cheklaydi hamda chulg‘am va izolyatsiya materiallari sarfini oshiradi. Shu bilan birga, bir chulg‘amli konstruksiyalarda har ikkala qutblar sonida havo oralig‘idagi magnit induksiyalar qiymatlarining o‘zaro muvofiqligini, fazalar simmetriyasini va magnit yurituvchi kuchning maqbul garmonik tarkibini ta’minlash zarur. Bu esa motorning har ikkala tezlik rejimida uning aktiv qismidan samarali foydalanishni ta’minlaydigan, qutblari soni o‘zgaruvchan chulg‘amlarni ishlab chiqish zaruratini belgilaydi.


Maqsad: stator pazlar soni 48 ga teng, qutblar nisbati 8/4 bo‘lgan, har ikkala qutbning havo oralig‘idagi magnit induksiyalar qiymatlarining o‘zaro muvofiqligini va fazalar simmetriyasini ta’minlaydigan uch fazali, qutblar soni o‘zgaruvchan chulg‘amni ishlab chiqish, hisob-kitob asosida asoslash hamda uni ikki tezlikli asinxron motorning tajriba namunasida amalga oshirish.


Usullar: qutblari soni o‘zgaruvchan chulg‘amlarning mavjud sxemalari tahlili hamda turli qutblar soniga ega chulg‘amlardagi tok taqsimotlarini birgalikda ko‘rib chiqishga asoslangan diskret berilgan fazoviy funksiyalar usulidan foydalanilgan. «Y-Δ/YY» bazaviy sxemasi asosida qutblar soni o‘zgaruvchan chulg‘am g‘altaklarning bir qismini qo‘shimcha shoxobchalarga ajratish orqali shakllantirilgan.


Natijalar: stator pazlar soni 48 ga teng, qutblar nisbati 8/4 bo‘lgan uch fazali, qutblar soni o‘zgaruvchan chulg‘am sxemasi ishlab chiqilgan. Har ikkala qutblar sonida fazalar simmetriyasi ta’minlangan. Chulg‘am koeffitsiyentlari to‘rt qutbli rejimda 0,691 va sakkiz qutbli rejimda 0,876 ni, differensial sochilish koeffitsiyentlari esa mos ravishda 2,0 va 1,4 % ni tashkil etgan. Magnit yurituvchi kuchning fazoviy taqsimotlari sinusoidal shaklga yaqin bo‘lib, garmonik tahlil natijalariga ko‘ra, juft garmonikalar mavjud emasligi aniqlangan. Havo oralig‘idagi magnit induksiyalar nisbati Bδ8/Bδ4=1,15 ni tashkil etgan. Hisoblash natijalari asosida «Energy Motors» xususiy korxonasida seriyali 4А200L4У3 elektr mashinasining magnit o‘tkazgichi negizida stator pazlar soni 48 ta, rotori 38 ta pazga ega, stator paketi uzunligi 215 mm bo‘lgan ikki tezlikli motorning tajriba namunasi tayyorlangan. Tajriba namunasining tayyorlanishi taklif etilgan yechimni konstruktiv jihatdan amalga oshirish mumkinligini tasdiqlagan.

Mualliflar haqida

Qanday qilib iqtibos keltirish mumkin

Dauletbek A. Rismuxamedov, & Husniddin F. Shamsutdinov. (2026). Qutblari 8/4 nisbatli qutblar soni oʻzgaruvchan chulgʻamni ishlab chiqish va elektr magnit tahlil qilish. ENERGIYA VA RESURS TEJASH MUAMMOLARI, 3(3(1), 36–44. Retrieved from https://energy.tdtu.uz/index.php/journal/article/view/446
Ko'rishlar soni: 4