ShES lardagi faza rotorli asinxron generatorlarining turli ish rejimlarida quvvat oqimlarini tadqiq etish
Referat
Dolzarbligi: jahonda mavjud tabiiy energiya resurslardan oqilona foydalanish, qayta tiklanuvchi energiya manbalari orqali elektr stansiyalaridagi generatorlarning energiya samaradorligini oshi-rish, gidroelektr stansiyalaridagi elektromexanik tizimlarni energiya tejamkor ish rejimlarini yaratishga alohida ahamiyat berilmoqda. Hozirgi kunda rivojlangan davlatlarda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridagi faza rotorli asinxron generatorlar (FRAG)dan foydalanish, elektromexanik tizimni avtomatik boshqarish bo‘yicha keng ko‘lamli tadqiqotlar olib borilmoqda. Dunyo bo‘yicha sha-mol elektr stansiyalarining o‘rnatilgan quvvati yiliga 93,6 GVt ga oshib bormoqda, umumiy o‘rnatilgan quvvati esa 950 GVt ga yetdi. Bu borada, shamol elektr stansiyalaridagi generatorlarni takomillashtirish, energetik ko‘rsatkichlarini yaxshilash, elektromexanik tizimning energiya samaradorligini oshirish dolzarb vazifa hisoblanadi.
Maqsad: qayta tiklanuvchi energiya manbalaridagi FRAG ning keng diapazonda aylanish tezligini rostlash usullarini tahlil qilish, turli shamol tezliklari o‘zgarishida qayta tiklanuvchi energiya manbalaridagi FRAG ning aylanish tezligini rostlaydigan avtomatik boshqarish tizimining funksional sxemasini ishlab chiqish, ikki manbali asinxron generator (IMAG) ga asoslangan ShES tezlik diapazoni, sinxron tezlikka nisbatan ± 30 % ni tashkil qilishini hisobga olgan holda, ShES lardagi IMAG ni energiya samaradorligini, shu bilan birga ularning ishonchlilik ko‘rsatgichlarini oshirish imkoniyatlarini aniqlashdan iborat.
Usullar: tadqiqot jarayonida rotor va stator quvvatlarini tahlil qilishda matematik modellashtirish va hisoblash usullaridan foydalanildi; FRAG negizida yaratilgan IMAG uchun rotor aylanish tezligi sinxron tezlikdan past va yuqori bo‘lgan ikki ish rejimida quvvat oqimlari yo‘nalishlari ko‘rib chiqildi.
Natijalar: IMAG ning holati uchun stator va rotor chulg‘amlarining tok, kuchlanish, magnit oqimlarining birlashtirilgan fazaviy vektor diagrammasi qurildi. Sinxron tezlikdan yuqori va past aylanish holatlari uchun -0,2; -0,1; 0; 0,1; 0,2 sirpanish qiymatlarida stator va rotor aktiv quvvatlari, rotorning reaktiv quvvati, elektromexanik quvvat va generatorning FIK aniqlandi. Shu bilan birga, aniqlangan qiymatlar grafiklari qurildi. Bular orqali SHES lardagi asinxron generatorlarni rotor aylanish tezligi sinxron tezlikdan yuqori aylantirilganda 30 % gacha qo‘shimcha quvvat olish imkoniyati mavjudligini ko‘rsatdi.
