Shahar taqsimlash tarmoqlarining elektr yuklamalarini eksperimental baholash metodikasi va o‘lchov parametrlarini asoslash
Referat
Dolzarbligi: shahar elektr ta’minoti tizimlarini loyihalash va modernizatsiya qilishda hisobiy yuklamalarning ishonchli qiymatlari zarur. Bunday qiymatlarni faqat nazariy modellashtirish yo‘li bilan olish mumkin emas: ular haqiqiy o‘lchovlar asosida tasdiqlanishi kerak. Ammo o‘lchov ishlarini tizimsiz, aniq metodika va me’yoriy ta’minotsiz o‘tkazish natijalarning takrorlanmasligiga olib keladi: o‘lchov davri, qadam oralig‘i va asboblar sinfi asossiz tanlansa, kunlik maksimal yuklama 5–20 % gacha kam baholanadi. Shu sababli loyiha doirasida eksperimental tadqiqotlarni tashkil etishning yaxlit metodikasi ishlab chiqilishi dolzarb masala hisoblanadi.
Maqsad: loyiha doirasida shahar taqsimlash tarmoqlarining elektr yuklamalarini eksperimental o‘rganish metodikasini ishlab chiqish, o‘lchovlarni tashkil etish, natijalarni statistik qayta ishlash va ularning ishonchliligini baholash.
Usullari: nazariy tahlil va loyihaviy yondashuv, tabiiy eksperiment, ko‘p nuqtali sinxron o‘lchashlar, variatsion statistika, dispersiyalarni taqqoslash mezonlari, sonli tajribalar va natijalarni metrologik tekshirish.
Natijalar: loyihaning 5 bosqichli tuzilmasi va eksperiment o‘tkazish metodikasi ishlab chiqildi. Toshkent shahrining 0,4 kV taqsimlash tarmog‘ida 24 ta obyektda o‘tkazilgan o‘lchovlar o‘lchov qadamini 1 s dan 60 s gacha oshirganda kunlik maksimal yuklamaning 0,3–2,8 % gacha kam baholanishini ko‘rsatdi; 5 s qadam va 14 kunlik o‘lchov davri 5 % xatolik bilan 95 % ishonchli natija berishi aniqlandi.
