Gaz turbina qurilmalarining kirish qismida havoni sovutishning zamonaviy usullari

TO'LIQ MATN:

Referat

Dolzarbligi: atrof-muhit haroratining oshishi gaz turbinali qurilmalar (GTQ) kompressoriga kiruvchi havoning zichligini kamaytiradi, bu esa ularning quvvati va energiya samaradorligining pasayishiga olib keladi. Elektr energiyasiga bo‘lgan talabning ortib borishi hamda energetik tizimlar samaradorligini oshirish zarurati sharoitida, ayniqsa kombinatsiyalangan siklli qurilmalar uchun, turbina kirishidagi havoni sovutish texnologiyalarini qo‘llash dolzarb hisoblanadi.


Maqsad: gaz turbinali qurilmalar kirishidagi havoni sovutishning zamonaviy usullarini taqqoslash va ularning qurilma unumdorligi, energiya samaradorligi, suv sarfi hamda iqtisodiy ko‘rsatkichlarga ta’sirini aniqlash..


Usullar: tadqiqotda kiruvchi havoni sovutish texnologiyalarining termodinamik va texnik-iqtisodiy tahlili o‘tkazildi. Uchta asosiy usul ko‘rib chiqildi: bug‘lanish orqali sovutish, tumansimon purkash (yuqori bosim ostida suv purkash) va absorbsion sovutish. Suv sarfini baholash uchun massa saqlanish tenglamalari hamda sovutish tizimlari va gradirnyalar uchun suv sarfi hisoblari qo‘llanildi.


Natijalar: tadqiqot natijalari kirish havosini sovutish tizimlari GTQ unumdorligi va energiya samaradorligini oshirishini ko‘rsatdi. Bug‘lanish orqali sovitish quvvatni 5–10% ga oshiradi va kapital xarajatlari nisbatan past, ammo uning samaradorligi havoning namligiga bog‘liq. Tumansimon purkash usuli quvvatni 15–20% gacha oshiradi, biroq ko‘proq suv sarfini va sifatli suv tayyorlash tizimini talab qiladi. Absorbsion chiller esa eng katta quvvat oshishini (20–25% gacha) ta’minlaydi va turli iqlim sharoitlarida samarali ishlaydi, ammo katta kapital xarajatlar va murakkab infratuzilmani talab qiladi.

Mualliflar haqida

Qanday qilib iqtibos keltirish mumkin

Sevinar B. Nematova, & Erkin K.Matjanov. (2026). Gaz turbina qurilmalarining kirish qismida havoni sovutishning zamonaviy usullari. ENERGIYA VA RESURS TEJASH MUAMMOLARI, 2(2), 162–171. Retrieved from https://energy.tdtu.uz/index.php/journal/article/view/398
Ko'rishlar soni: 86