Asinxron generatorga aktiv – induktiv yuklama ulangandagi o‘tkinchi jarayonlarda chiqish kuchlanishini barqarorlashtirilishiga doir tadqiqot natijalari
Referat
Dolzarbligi: Dunyo miqyosida elektr energiyaga bo‘lgan talabning yildan yilga oshayotgan hozirgi davrda foydali ish koeffitsiyentlari kichik miqdorlarni tashkil etayotgan an’anaviy elektr stansiyalar ehtiyoji uchun talab etiladigan tabiiy gaz, ko‘mir va neft mahsulotlari kabi energiya resurslarini yaratish, ularni tejash va atrof muhit ekologiyasiga salbiy ta’sirlarini hisobga olganda, so‘nggi yillarda bunday stansiyalarning ahamiyati tushib borayotganligidan dalolat beradi. Kelajak energetikasining eng muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblangan, qayta tiklanuvchi energiya manbalari (QTEM) ning barcha turlarini O‘zbekiston Respublikasi hududlariga keng miqyosda tatbiq etilishi uchun iqlim sharoiti to‘la mos keladi.
Ma’lumki, bu borada Respublika Prezidenti va Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2024-2026-yillar davomida qabul qilingan qator farmonlar va qarorlar ijrosi bo‘yicha hududlardagi ishlab chiqarish korxonalarida, byudjet muassasalarida va aholi iste’molchilariga quyosh panellari o‘rnatish va mikro gidro elektr stansiyalar (GES) lar qurilish ishlari jadal suratlar amalga oshirildi. Shuningdek, o‘tgan yillar davomida chet ellik investorlar tomonidan yirik quvvatli shamol elektr stansiya (SHES) larini o‘rnatib ishga tushirish ishlari yo‘lga qo‘yildi. Natijada Respublika bo‘yicha an’anaviy elektr stansiyalarga bo‘lgan to‘la qaramlikka chek qo‘yilib, issiqlik elektr stansiyalardan iste’mol qilinayotgan elektr energiya miqdorlarini kamaytirilishiga erishildi, ya’ni katta miqdorlardagi energiya resurslarini tejalishi ta’minlandi.
Tadqiqotlardan ma’lumki, SHES va GES larning o‘zgaruvchan tok generator qurilmalari tarkibida sinxron generator (SG) lar, fazali va qisqa tutashtirilgan rotorli asinxron generator (AG) lar qo‘llaniladi. AG ning magnit o‘tkazgichdagi qoldiq magnitlanish tufayli stator chulg‘amlariga kondensator batareyalarini ulash orqali uning o‘z-o‘zidan qo‘zg‘alish jarayonini, hamda chiqish kuchlanishining barqarorligi kabi talablarni ta’minlash mumkin. Taklif etilgan kondensatorli qo‘zg‘atish usuli markazlashmagan, ya’ni avtonom elektr ta’minoti sharoitida generator qurilmasining ish rejimlarini o‘zgartirishga moslashishini ta’minlash imkonini beradi. Mazkur maqolada, o‘tkazilgan tajriba natijalari asosida quvvati 4 kVt bo‘lgan qisqa tutashgan rotorli AG o‘tkinchi jarayonlaridagi chiqish kuchlanish qiymatini aks ettirgan ossillogrammalar olindi va tahlil qilindi.
Maqsad: avtonom holatda ishlayotgan AG ning aktiv – induktiv yuklamasini ulash bilan bog‘liq o‘tkinchi jarayonlarda chiqish kuchlanishini barqarorlashtirish va natijalarini tahlil qilish.
Usullari: tajriba asosida elektr energetikasi tizimlarining barqarorlashgan va o‘tkinchi jarayonlarini tahlil qilish usullardan foydalanildi.
Natijalar: avtonom tizimlarning quvvat manbalari konstruksiyasining soddaligi, texnik xizmat ko‘rsatishning qulayligi, nisbatan kichik massa (kVA/kg) va hajmga ega bo‘lishi, chiqish holat parametrlarining barqarorligi kabi talablarga javob berishi lozim. Tahlil asosida AG ni qayta tiklanuvchi energiya manbalarida foydalanish bo‘yicha tegishli takliflar kiritiladi.
