Gaz turbina kompressoriga kiruvchi havoni sovutish usullarini tadqiq qilish
Referat
Dolzarbligi: aholi sonini muttasil o‘sib borishi elektr va issiqlik energiyasiga bo‘lgan talabning izchil ravishda
ortishiga olib kelmoqda. Respublikamizda elektr energiyasi ishlab chiqarishda asosiy generatsiya quvvatlari asosan
issiqlik elektr stansiyalari, bug‘-gaz qurilmalari hamda kogeneratsiya texnologiyalari negizida shakllantirilgan.
Zamonaviy gaz turbinali issiqlik elektr stansiyalarda ishlab chiqarish quvvatini cheklovchi asosiy omillardan biri -
atrof-muhit harorati bilan turbina quvvati o‘rtasidagi teskari funksional bog‘liqlik hisoblanadi. Atmosfera havosi
haroratining oshishi, birinchi navbatda, havo zichligining kamayishiga sabab bo‘ladi, bu esa gaz turbina
kompressoriga kiruvchi havoning massaviy sarfi qisqarishiga olib keladi. Natijada gaz turbina ishlab chiqaradigan
elektr quvvat ma’lum miqdorda pasayadi. Atrof-muhit parametrlari - namlik, bosim va harorat - geografik joylashuv
hamda mavsumiy omillarga bog‘liq holda keng diapazonda o‘zgarishi mumkin. Ushbu omillar havo zichligiga
to‘g‘ridan-to‘g‘ri, gaz turbina agregatining quvvat ishlab chiqarishiga esa bilvosita ta’sir ko‘rsatadi. Yoz
mavsumida haroratning +45 0С gacha ortishi kompressorning solishtirma ishini oshiradi, bu esa turbina foydali ish
koeffitsientini pasayishi va ishlab chiqarish quvvatini 30 % gacha kamayishiga sabab bo‘ladi. Ushbu tadqiqot
“Toshkent IEM” filialidagi Hitachi H25 gaz turbina kompressori kirayotgan havo haroratini nasadkali (evaporative)
sovutish integratsiyasi qo‘llanilishi natijasida oʻrtacha ishlab chiqarish quvvati 11–12%ga oshirilgan.
Maqsad: turli iqlim sharoitlarida, xususan kompressorga kiruvchi tashqi havoni oldindan sovitish texnologiyasini
qo‘llash orqali generatsiya quvvatini barqarorlashtirish, foydali ish koeffitsientini oshirish, solishtirma yoqilg‘i
sarfini kamaytirish hamda atmosferaga chiqariladigan zararli moddalar miqdorini qisqartirish imkoniyatlarini
baholash ko‘zda tutiladi.
Usullar: gaz turbinali issiqlik elektr stansiyalarida atrof-muhit haroratining o‘zgarishi natijasida yuzaga keladigan
quvvat yo‘qotishlarini baholash va ularni kamaytirish imkoniyatlarini aniqlash maqsadida xorijiy va mahalliy
olimlar tomonidan olib borilgan ilmiy tadqiqotlar nazariy tahlil, solishtirma tahlil, samaradorlikni oshirishga
qaratilgan yondashuvlar hamda texnik-iqtisodiy baholash usullari qo‘llanildi.
Natijalar: “Toshkent issiqlik elektr markazi” filialida o‘rnatilgan, nominal quvvati 28,6 MVt bo‘lgan Hitachi H25
gaz turbinasi kompressoriga kirayotgan havoning harorati va nisbiy namligi parametrlarini ta’minlash asosida
o‘tkazilgan tajriba-sinov tadqiqotlarining tahlil natijalari keltirilgan.
