Elektr energetika tizimining talab etiladigan moslashuvchan quvvat zaxirasini baholash algoritmi
Referat
Dolzarbligi: qayta tiklanuvchi energiya manbalarining ulushining oshishi, ularning quvvat ishlab chiqarishidagi yuqori o‘zgaruvchanlik va oldindan aniqlash murakkabligi bilan tavsiflanganlanligi sababli elektr energetika tizimlarining ishonchliligi va barqarorligini taʼminlash maqsadida yangi talablar ishlab chiqilishiga sabab bo‘ladi. Shamol va quyosh elektr stansiyalarining quvvatidagi sezilarli tebranishlar quvvat balansining og‘ish amplitudasi va chastotasining ortishiga olib keladi. Bu esa yuklama va generatsiyadagi o‘zgarishlarga tezkor javob berishni taʼminlaydigan yetarli darajadagi moslashuvchan quvvat zaxirasini shakllantirish talab etadi. Mavjud quvvat zaxiralarini baholash usullari ko‘pincha o‘rtacha prognozlarga yoki energetika tizimining statik xususiyatlariga tayanadi. Bu holat energiya balansi tuzilmasi murakkablashayotgan sharoitda moslashuvchanlikka bo‘lgan ehtiyojni aniqlash aniqligini pasaytiradi. Zamonaviy energiya tizimlarida tarmoqning dinamik xususiyatlarini, qayta tiklanuvchan energiya manbalari (QTEM)ning ehtimollik tavsif bilan ishlashini hamda operativ-dispetcherlik boshqaruvi maʼlumotlarini hisobga oluvchi algoritmlarni ishlab chiqish zarurati yuzaga keladi. Talab etiladigan moslashuvchan quvvat zaxirasini baholash algoritmini yaratish elektr taʼminotining ishonchliligini oshirish, ishlab chiqarish uskunalarining ish holatlarini optimallashtirish hamda ishlatish xarajatlarini kamaytirish yo‘lidagi muhim qadamdir. Bunday algoritmlarni ishlab chiqish, ayniqsa QTEMni faol joriy etayotgan va energetika infratuzilmasini modernizatsiya qilayotgan davlatlar uchun dolzarbdir. Shu sababli, taklif etilgan tadqiqot zamonaviy elektroenergetikaning eng muhim vazifalaridan birini hal etishga qaratilgan bo‘lib, yuqori ilmiy va amaliy ahamiyatga ega.
Maqsad: fotoelektrik va shamol elektr stansiyalarining o‘zgaruvchan ishlab chiqarish hamda elektr energiyasining sutkalik o‘zgarishlarini hisobga olgan holda energiya tizimlarining talab etiladigan moslashuvchan quvvat zaxirasini baholash algoritmini ishlab chiqish.
Usullari: statistik tahlil va prognozlash usullaridan foydalaniladi.
Natijalar: qayta tiklanadigan energiya manbalarining o‘zgaruvchan ishlabchiqarish va talab sharoitida elektroenergetika tizimining quvvat balansini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan soatlik moslashuvchan quvvat zaxiralari miqdorlari aniqlangan.
