Funksional nanokompozit keramik plyonka bilan qoplangan quyosh havo qizdirgichining issiqlik samaradorligini oshirish

TO'LIQ MATN:

Referat

Dolzarbligi: quyosh havo qizdirgichlari past potensialli issiqlik tizimlarida keng qo‘llanilib, ularning sanoat, qishloq xo‘jaligi va qurilish sohalaridagi amaliy ahamiyati ortib bormoqda. Biroq mazkur qurilmalarning amaliy issiqlik samaradorligi absorber yuzasida yuzaga keladigan radiatsion va konvektiv issiqlik yo‘qotishlari bilan sezilarli darajada cheklanadi. Adabiyotlarda samaradorlikni oshirish maqsadida oqim kanalida turbulizatorlar o‘rnatish, sun’iy notekisliklar hosil qilish hamda oqim yo‘nalishini murakkablashtirishga asoslangan turli konstruktiv yechimlar taklif etilgan. Ammo ushbu yondashuvlar ko‘pincha bosim yo‘qotishlarining ortishiga va tizim konstruktiv murakkabligining oshishiga olib keladi. Shu sababli, qurilmaning geometrik tuzilmasini o‘zgartirmagan holda absorber sirtining fizik xossalarini modifikatsiya qilish orqali issiqlik samaradorligini oshirish masalasi dolzarb ilmiy-amaliy muammo sifatida qaraladi.
Maqsad: mazkur tadqiqotning maqsadi metall absorber yuzasi yupqa keramik kompozit plyonka bilan qoplangan quyosh havo qizdirgichining issiqlik samaradorligini energiya balansi modeli asosida tahlil qilish hamda uni oddiy konstruktsiyadagi quyosh havo qizdirgichi bilan bir xil ish sharoitlarida solishtirishdan iborat.
Usullar: tadqiqot jarayonida quyosh havo qizdirgichining issiqlik jarayonlari energiya saqlanish qonuniga asoslangan energiya balansi modeli yordamida tahlil qilindi. Keramik kompozit plyonka selektiv sirt sifatida qaralib, uning quyosh nurlanishini yutish koeffitsienti (α) va nurlanish koeffitsienti (ε) ga ta’siri hisobga olindi. Oddiy va keramik plyonka bilan qoplangan absorberlar uchun chiqish havosi harorati hamda termik samaradorlik ko‘rsatkichlari bir xil ish sharoitlarida aniqlanib, o‘zaro solishtirildi.
Natijalar: hisoblash natijalari keramik kompozit plyonka bilan qoplangan quyosh havo qizdirgichining termik samaradorligi oddiy konstruktsiyaga nisbatan 17–19 % oraliqda oshishini ko‘rsatdi. Ushbu oshish absorber sirtida quyosh nurlanishini yutish koeffitsientining ortishi va nurlanish koeffitsientining kamayishi bilan izohlanadi. Taklif etilgan yondashuv oqim kanalining geometriyasini o‘zgartirmagan holda va qo‘shimcha bosim yo‘qotishlarsiz qurilmaning issiqlik samaradorligini oshirish imkonini berishi bilan amaliy jihatdan muhim ustunlikka ega ekanligi aniqlandi.

Mualliflar haqida

Qanday qilib iqtibos keltirish mumkin

Alisher X. Alinazarov, & Dilshodbek M. Juraxanov. (2026). Funksional nanokompozit keramik plyonka bilan qoplangan quyosh havo qizdirgichining issiqlik samaradorligini oshirish . ENERGIYA VA RESURS TEJASH MUAMMOLARI, 1(1), 104–111. Retrieved from https://energy.tdtu.uz/index.php/journal/article/view/351
Ko'rishlar soni: 7