Energetika tizimlarining samaradorligini oshirishda innovatsion dasturiy ta’minotning o‘rni
Referat
Dolzarbligi: zamonaviy energetika tizimlarida samaradorlikni oshirish nafaqat texnik, balki raqamli yechimlar orqali ham amalga oshirilishini talab qilmoqda. Xususan, elektr energiyasi isroflarini aniqlash, tahlil qilish va prognozlashda aniq, barqaror hamda intellektual vositalarni joriy etish ehtiyoji keskin ortib bormoqda. Bu jarayonda ma’lumotlarni real vaqtda qayta ishlash, prognoz modellarini avtomat tanlash, klasterli va anomal ma’lumotlar bilan ishlash kabi vazifalarni amalga oshiradigan innovatsion dasturiy ta’minot vositalari katta ahamiyat kasb etmoqda.Ayniqsa, 0,4 kVli taqsimlash tarmoqlari kabi past kuchlanishli tarmoqlarda energetik samaradorlikni oshirish, aniq monitoring va prognozlash mexanizmlarini joriy etish orqali ta’minlanadi. Ana shunday sharoitda, intellektual funksiyalarga ega, modulli va adaptiv arxitekturada yaratilgan axborot tizimlari nafaqat texnik xizmat ko‘rsatish samaradorligini oshiradi, balki qaror qabul qilish jarayonining ob’ektivligini va tezkorligini ta’minlaydi.
Maqsad: energetika tarmoqlarida elektr energiyasi isroflarini tahlil qilish va prognozlash jarayonlarini avtomatlashtirishga xizmat qiluvchi innovatsion dasturiy ta’minotni ishlab chiqish, uning modulli arxitekturasi, funksional imkoniyatlari va integratsiya qilingan prognoz modellari asosida tizim samaradorligini ilmiy jihatdan baholash.
Usullari: modellash jarayonida ma’lumotlar tuzilmasini hisobga oluvchi klasterlash, prognozlashga ixtisoslashgan neyron tarmoqlar va klassik statistik usullarni o‘zaro integratsiyalashga asoslangan kompleks yondashuv tatbiq etildi.
Natijalar: 0,4 kVli taqsimlash tarmoqlarida elektr energiyasi isroflarini prognozlashni axborot tizimi - EIPAT ishlab chiqildi. Tizim tarkibiga polinomial regressiya, ARIMA, GMDH, MLP va gibrid prognozlash usullari kompleks tarzda integratsiya qilindi. Mazkur tizim ma’lumotlar tuzilmasining murakkabligi va o‘zgaruvchanligini hisobga oluvchi adaptiv mexanizmlar bilan jihozlangan bo‘lib, prognoz modelini mos ravishda tanlash, natijalarni vizual tahlil qilish hamda inson omilining ta’sirini kamaytirish orqali yuqori aniqlik va ekspluatatsion sharoitlarga moslashuvchanlikni ta’minlaydi.
