Yem maydalash qurilmalarining asinxron motorini statik va dinamik rejimlarini boshqarish orqali energiya tejash
Referat
Dolzarbligi: chastotaviy boshqarish tejamlidir, chunki u asinxron motorning tezligini rostlash hisobiga foydali ish koeffitsientini oshirish va quvvat isrofini kamaytirishni ta’minlaydi. Yem maydalash qurilmalarini ishga tushirish va boshqarishda chastota o‘zgartgich yordamida amalga oshirilishi ko‘rsatilgan bo‘lib, u avtomat va motor orasida o‘rnatiladi va motorning aylanish chastotasini boshqaradi. Elektr motorining tezligini o‘zgartirish uchun ilgari tishli uzatma (shesteryonka) reduktorlardan foydalanilar edi. Bu esa o‘z navbatida turli qiyinchiliklar keltirib chiqargan. Ishlab chiqarish texnologiyalarni o‘ziga xos tomonlaridan kelib chiqqan xolda elektr motorining aylanish sonini kamaytirish yoki ko‘paytirishga to‘g‘ri kelsa, elektr yuritmada qo‘shimcha mexanizmlardan foydalanish, o‘z navbatida elektr motorning quvvatini oshishiga olib kelgan. Chastota o‘zgartgichlar yordamida bevosita, elektr motor chastotasini o‘zgartirib aylanishlar sonini nazorat qilish mumkin. Bu usulning qulayliklaridan biri shundaki tok va aylanuvchi moment o‘rtasida mustahkam bog‘liqlik bo‘lgani bois, chastota o‘zgartgich motorni ishga tushirish vaqtida ishga tushirish tokini pasaytirish imkonini beradi. Motorni ishga tushirish vaqtida motor silliq ishga tushadi va ishga tushirish vaqtida elektr energiyasi tejaladi.
Maqsad: yem maydalash qurilmalarining asinxron motorini statik va dinamik rejimlarini boshqarish orqali energiya tejashni asoslash.
Usullari: chastotaviy boshqarish va eksperimental hamda qiyosiy tahlil usullaridan foydalanildi.
Natijalar: chastotani boshqarish elektr energiyasini 17% tejash, asinxron motorning tezligini rostlash, elektr yuritmani silliq ishga tushirish va to'xtatish, asinxron motorning quvvat isroflarini kamaytirish imkonini berdi.
