Mashina havo oralig‘iga statorning fazoviy garmonik maydonlari ta’sirida po‘latning to‘yinishini tadqiq qilish
Referat
Dolzarbligi: o‘zgaruvchan tok elektr mashinalarining ishlashi ko‘p jihatdan havo oralig‘idagi magnit maydonning xususiyatlariga, jumladan, uning spektral tarkibiga bog‘liq. Maydon taqsimotiga ta’sir etuvchi muhim omillardan biri — magnit o‘tkazgichdagi po‘latning to‘yinishidir. Ushbu ta’sir ilgari mashinaning integral parametrlari doirasida o‘rganilgan bo‘lsa-da, ayniqsa bir qutb va fazaga nisbatan kasr sondagi pazlarga ega mashinalarda fazoviy garmonikalar bilan bog‘liq jihatlari yetarlicha tadqiq etilmagan. Garmonikalarni tahlil qilishda to‘yinishni inobatga olish moment pulsatsiyalari, shovqin darajasi va qizish jarayonlari bo‘yicha hisob-kitoblarning aniqligini oshiradi. Shu sababli magnit maydon spektriga to‘yinish ta’sirini aks ettiruvchi modellarni ishlab chiqish elektr mashinalarini yanada aniqroq loyihalash va modellashtirish uchun dolzarb ahamiyatga ega.
Maqsad:o‘zgaruvchan tok elektr mashinalarining havo oralig‘idagi magnit maydonning fazoviy garmonik tarkibiga magnit o‘tkazgichning po‘lat qismlarining to‘yinishi qanday ta’sir ko‘rsatishini, chulg‘am konstruktsiyasi hamda magnit materiallar xususiyatlarini inobatga olgan holda o‘rganish.
Usullar:ushbu tadqiqotda stator va rotor magnit o‘tkazgichining po‘lat qismlaridagi to‘yinishni hisobga olgan holda, o‘zgaruvchan tok elektr mashinalarining havo oralig‘idagi magnit maydon taqsimotini tahlil qilish uchun analitik va sonli modellashtirish usullari qo‘llanilgan.
Natijalar:tadqiqotlar natijasida stator va rotor po‘latining to‘yinishi mashinaning havo oralig‘idagi magnit maydonning asosiy garmonik tarkibi amplitudasini sezilarli darajada kamaytirishi aniqlangan. Magnit o‘tkazuvchanlikning ekvivalent qiymati μ = 4000 dan μ = 100 gacha kamaytirilganda, asosiy garmonikaning amplitudasi taxminan 1,5 barobarga kamayadi.
