O‘zbekiston hududida quyosh radiatsiyasi bo‘yicha xalqaro ma’lumotlardan foydalanish imkoniyatlari: energetika va ilmiy tadqiqotlar uchun yondashuvlar

TO'LIQ MATN:

Referat

Dolzarbligi: Quyosh fotoelektrik stansiyalarida (FES) ishlab chiqariladigan energiyaning barqarorligi va samaradorligi, avvalo, quyosh radiatsiyasi ma’lumotlarining aniqligiga bevosita bog‘liqdir. O‘zbekistonda uzoq muddatli va yuqori aniqlikdagi yerusti kuzatuv ma’lumotlarining yetarli emasligi sababli xalqaro sun’iy yo‘ldosh va reanaliz modellaridan keng foydalanishga ehtiyoj ortib bormoqda. Shu bilan birga, bunday ma’lumotlarning aniqligi bulutlilik, atmosfera sharoiti hamda hududiy xususiyatlarga qarab keskin farq qilishi ma’lum. Shunday sharoitda xalqaro ma’lumotlarni mahalliy meteostansiya kuzatuvlari bilan verifikatsiya qilish dolzarb ilmiy va amaliy vazifaga aylanadi. Bunday yondashuv FES ishlab chiqarish quvvatini bashorat qilishdagi aniqlikni oshiradi, elektr energiyasi ta’minotining barqarorligini mustahkamlaydi va investitsion xavflarni kamaytiradi.


Maqsad: Tadqiqotning asosiy maqsadi – O‘zbekiston hududida qayd etilgan yerusti meteostansiya kuzatuvlari ma’lumotlarini xalqaro ma’lumotlar bazalari (NASA POWER, ERA5, DWD Global, DWD ICON) bilan solishtirish va verifikatsiya qilish orqali quyosh radiatsiyasini bashorat qilishda aniqlikni oshirishdir. Shu asosda FES ishlab chiqarish bashoratlarining ishonchliligi ta’minlanishi, rejalashtirish va ekspluatatsiya jarayonlarida xavfsiz qarorlar qabul qilish imkoniyati yaratiladi.


Usullar: Tadqiqotda O‘zbekiston Respublikasi Gidrometeorologiya xizmati agentligi tomonidan qayd etilgan 22 ta quyosh meteostansiya ma’lumotlari (2022–2024 yillar oralig‘ida) asos qilib olindi. Ma’lumotlar har 10 daqiqalik qadamlarda yig‘ilgan bo‘lib, soatlik va kunlik qiymatlar alohida ajratib olindi. Xalqaro ma’lumotlar NASA POWER, ERA5, DWD Global va DWD ICON bazalaridan yuklab olindi. Verifikatsiya jarayonida MAE, RMSE, MAPE va R² kabi statistik ko‘rsatkichlar qo‘llanildi. Kunlik ob-havo sharoitlari to‘rt toifaga ajratildi: ochiq osmon, tumanli, qisman bulutli va to‘liq bulutli .


Natijalar: O‘tkazilgan tahlillar shuni ko‘rsatdiki, soatlik verifikatsiyada eng past xatolik ERA5 ma’lumotlarida kuzatildi (MAE ≈ 74,8; RMSE ≈ 95,0) va u eng ishonchli xalqaro manba sifatida ajralib chiqdi. Eng yuqori xatolik esa DWD Global bazasida qayd etildi (MAE ≈ 106,4; RMSE ≈ 133,7). Kunlik yig‘indi qiymatlarda ham ERA5 ma’lumotlari nisbatan yuqori aniqlikni ta’minladi (MAE ≈ 298,3; RMSE ≈ 371,8). Shu bilan birga, bulutli kunlarda barcha xalqaro bazalarda xatoliklar keskin ortdi, bu esa bulutlilikning bashorat aniqligiga ta’sirini tasdiqladi. Olingan natijalar O‘zbekiston sharoitida xalqaro ma’lumotlarni yerusti kuzatuvlari bilan verifikatsiya qilish orqali bashoratlarning ishonchliligini sezilarli darajada oshirish mumkinligini ilmiy asosda ko‘rsatdi.

Mualliflar haqida

Qanday qilib iqtibos keltirish mumkin

Ergashali Yu. Raximov, Bahrom Yu. Omonov, & Abdumannop A. Imyaminov. (2026). O‘zbekiston hududida quyosh radiatsiyasi bo‘yicha xalqaro ma’lumotlardan foydalanish imkoniyatlari: energetika va ilmiy tadqiqotlar uchun yondashuvlar. ENERGIYA VA RESURS TEJASH MUAMMOLARI, 4(4), 139–153. Retrieved from https://energy.tdtu.uz/index.php/journal/article/view/288
Ko'rishlar soni: 36

Ushbu muallif(lar)ning eng koʻp oʻqilgan maqolalari