Mahalliy energiya tizimlarining energiya samaradorligini oshirish uchun FES generatsiyasini boshqarish
Referat
Dolzarbligi: so‘nggi yillarda O‘zbekistonda sanoat korxonalari va tijorat tashkilotlari tobora ko‘proq kichik quvvatli tarmoqqa ulangan fotoelektr stansiyalarni (FES) o‘rnatmoqda. Odatda fotoelektr modullari (FEM) ishlab chiqarish yoki ma’muriy binolarning tom qismiga o‘rnatiladi. Asosiy elektr energiyasi iste’molchilari aynan FEM o‘rnatilgan binolarda joylashganini inobatga olgan holda, elektr energiyasi yo‘qotishlarini kamaytirish nuqtai nazaridan FESni o‘sha binodagi asosiy taqsimlash qalqoniga (ATQ) ulash eng maqbul yechim hisoblanadi. Biroq amalda bajarilgan ko‘plab loyihalarda berilgan texnik shartlarga muvofiq, FES alohida kabel orqali binodan ma’lum masofada joylashgan transformator podstansiyasining (TP) past kuchlanish shinalariga ulanadi. Bunday yechim tarmoq invertori bilan TP o‘rtasidagi kabelda, shuningdek TPdan ATQgacha bo‘lgan kabel liniyalarida qo‘shimcha elektr energiyasi yo‘qotishlariga olib keladi.
Maqsad: FESni bevosita ATQga ulashning TPga ulashga nisbatan afzalliklarini tahlil qilish va asoslab berish, shuningdek FESni bevosita ATQga ulaganda paydo bo‘ladigan texnik cheklovlar va muammolarni o‘rganish hamda ularning yechimlarini ko‘rib chiqish.
Usullar: dizel generator (DG) va tarmoqqa ulangan FESdan iborat bo‘lgan lokal izolyatsiyalangan energiya tizimida FES generatsiyasini va iste’molchilar yuklamasini boshqaruvchi qurilmani qo‘llash orqali tizim barqarorligini ta’minlash.
Natijalar: lokal elektr energiyasi manbai (FES) bilan asosiy iste’molchilar ulangan ATQ o‘rtasidagi masofani qisqartirish hamda TPdan ATQgacha bo‘lgan kabel yuklamasini kamaytirish hisobiga elektr energiyasi yo‘qotishlarini kamaytirish. Avariya holatida DG orqali zaxira elektr ta’minoti vaqtida yoqilg‘i sarfini 60 % gacha qisqartirish.
