Avtonom holda ishlovchi shamol elektr stansiyasi elementlarining tarkibini optimallashtirish masalasining matematik modeli va uni yechish algoritmi
Referat
Dolzarbligi: hozirgi elektr energiya iste’molining keskin suratlarda oshib borishi, uglevodorod yoqilg‘i zahiralarining cheklanganligi hamda energetikaning ekologik muammolarini keskinligi sharoitlarida qayta tiklanuvchan energiya resurslarida ishlovchi elektr stansiyalarini loyihalash va ishlatishning yanada takomillashgan usullarini ishlab chiqish va joriy etish muhim sanaladi. Bunday turdagi energiya resurslaridan foydalanuvchi elektr stansiyalarini loyihalashning asosiy masalalaridan biri ulardagi jihozlarning optimal tarkibini tanlash hisoblanadi. Hozirgi davrda ushbu masalani yechish bo‘yicha bir qator ishlanma va dasturlarning mavjud bo‘lishiga qaramasdan ularni barcha cheklovchi va ta’sir etuvchi faktorlarni e’tiborga olish, optimizatsion hisoblashlarning ishonchliligi va aniqlgini oshirish hisobiga takomillashtirish dolzarb masalaligicha qolmoqda.
Maqsad: avtonom holda ishlovchi shamol elektr stansiyalarini loyihalashda ularning jihozlari tarkibini optimal tanlash masalasini modellashtirish va uni yechish algoritmlarini rakomillashtirish.
Usullar: qayta tiklanuvchan energiya manbalarida ishlovchi stansiyalar va ularni o’z tarkibiga olgan energetika tizimlarini modellashtirish va hisoblash usullarini takomillashtirish asosida shamol elektr stansiyasi va akkumulyator batareyasiga ega avtonom tizimlar jihozlarining tarkibini optimallashtirish masalasini samarali matematik modeli va uni chiziqli dasturlash usullaridan foydalanib yechish algoritmi taklif etilgan.
Natijalar: matematik model va optimallash algoritmining samaradorligi berilgan sutkalik yuklama grafigi bo‘yicha ishlovchi iste’molchiga ega bo‘lgan avtonom tizimda shamol agregatlari va akkumulyator batareyasi parametrlarini optimal tanlash bilan izohlanadi.
