O‘zbekiston energetika tizimining moslashuvchanligini o‘zgaruvchan qayta tiklanuvchan energiya manbalarining ulushi oshishi sharoitidagi tahlili
Referat
Dolzarbligi: Jahon energetika tizimining uglerod intensivligini kamaytirish va barqarorligini oshirishga qaratilgan global energetik transformatsiya sharoitida qayta tiklanuvchi energiya manbalarini (QTEM) milliy energiya balanslariga integratsiya qilish alohida ahamiyat kasb etmoqda. Katta quyosh va shamol energiyasi salohiyatiga ega bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi “yashil energetika”ga o‘tish strategiyasini faol amalga oshirmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Senati tomonidan tasdiqlangan [15] maqsadli ko‘rsatkichlarga ko‘ra, 2030 yilga kelib qayta tiklanuvchi energiya manbalarining o‘rnatilgan quvvati 27 GVtga yetkazilishi rejalashtirilgan bo‘lib, bu mamlakat energetika tizimidagi umumiy o‘rnatilgan quvvatning 54 %gacha tashkil etadi. Ushbu maqsadlarning amalga oshirilishi yiliga 25 milliard m³ tabiiy gazni tejash va CO₂ chiqindilarini 34 million tonnaga qisqartirish imkonini beradi, bu esa mamlakatning energetik xavfsizligini ta’minlash hamda xalqaro iqlim majburiyatlarini bajarish nuqtayi nazaridan strategik ahamiyatga ega. Biroq quyosh (QES) va shamol (ShES) elektr stansiyalarining o‘zgaruvchan generatsiyasi ulushining oshishi, shuningdek quvvat iste’molidagi o‘zgarishlar energiya tizimining barqaror ishlashini ta’minlash uchun rejimlarni va tizim moslashuvchanligini chuqur tahlil qilish zaruratini tug‘diradi. Qayta tiklanuvchi energiya manbalari generatsiyasining va talabning o‘zgaruvchanligi, hamda ularning ob-havo sharoitlariga yuqori darajada bog‘liqligi energiya tizimidan katta moslashuvchanlik va quvvat balansini tezkor boshqarish qobiliyatini talab qiladi. Shu bilan birga, O‘zbekistonning mavjud generatsiya quvvatlarining katta qismi gaz bilan ishlaydigan issiqlik elektr stansiyalari, jumladan bug‘-gaz qurilmalari (BGQ), yuqori manevrli gaz-porşenli qurilmalar, shuningdek energiya saqlash tizimlari va gidroelektr stansiyalaridan iborat bo‘lib, ular QTEM va talab tebranishlariga tizimning moslashuvchanligini baholash imkonini beradi. Shunday qilib, qayta tiklanuvchi energiya manbalarining o‘zgaruvchan generatsiyasi va iste’mol hajmining oshib borishi sharoitida tizim moslashuvchanligini tahlil qilish hamda operativ boshqaruvni takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish energiya tizimining ishonchliligi, barqarorligi va samarali ishlashini ta’minlash uchun dolzarb va muhim vazifa hisoblanadi.
Maqsad: Energetika tizimining real ish holati bilan moslashuvchanlikka oid tadqiqot natijalarining solishtirma tahlilini amalga oshirish.
Usullari: Fotoelektrik va shamol elektr stansiyalari generatsiyasining o‘zgaruvchanligini hamda iste’mol dinamikasini baholash uchun vaqt qatorlarini statistik tahlil qilishga asoslangan tadqiqot usuli qo‘llanildi.
Natijalar: Talab etiladigan boshqariladigan quvvat diapazonini qoplashda ishtirok etuvchi manbalar ulushining quvvat bo‘yicha taqsimlanishi quyidagicha: gaz-porshenli elektr stansiyalari (GPES) ≈40,5%; gidroelektr stansiyalari (GES): ≈17,3%; energiya saqlash tizimlari (EST): ≈17,3%; issiqlik elektr stansiyalari + bug‘-gaz qurilmalari (IES + BGQ, aylanma zaxira): ≈24,9%.
