Qoraqalpog‘istonning changli-sho‘r muhitida past energiya talab qiluvchi kapillyar-bug‘lanishli havo tozalash qurilmasining samaradorligini tadqiq etish

TO'LIQ MATN:

Referat

Dolzarbligi: hozirgi kunda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Orolbo‘yi hududida havo ifloslanishi, tuzli aerozollar tarqalishi hamda yoz faslidagi yuqori haroratlar aholi salomatligiga jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Mintaqaning iqlim sharoitida shamol bilan ko‘chib keluvchi mayda tuz zarrachalari (PM10, PM2.5, PM1.0) ko‘plab respirator kasalliklarni kuchaytirmoqda, ichki binolardagi havo sifati esa talab darajasida emas. Shu bilan birga, mavjud konditsioner va havo tozalagich qurilmalarining aksariyati yuqori elektr sarfiga ega bo‘lib, ularning filtrlari sho‘r havo sharoitida tez ifloslanadi va xizmat ko‘rsatish xarajati oshadi. Quyosh energiyasiga boy, ammo issiq va quruq bo‘lgan mazkur hududda energiya tejovchi, avtonom va sho‘r havoda barqaror ishlay oladigan qurilmalarga ehtiyoj ortib bormoqda. Shu nuqtayi nazardan, kapillyar bug‘lanish asosida ishlaydigan, ikki tomonlama havo oqimidan foydalanuvchi va HEPA filtratsiya bilan jihozlangan yangi turdagi qurilmani ishlab chiqish amaliy va ilmiy jihatdan juda dolzarb hisoblanadi. Ushbu texnologiyaning afzalligi shundaki, u energiya manbasini deyarli talab etmaydi, quyosh paneli va past quvvatli ventilyator yordamida avtonom ravishda ishlaydi, havoni bir vaqtning o‘zida namlaydi, sovitadi va tozalaydi, sho‘r zarrachalarga nisbatan barqaror hisoblanadi. Buning natijasida aholi turar-joylari, maktablar, shifoxonalar, ofislar va ijtimoiy binolarda havo sifatini yaxshilash imkoni paydo bo‘ladi. Shu bilan birga, bunday qurilmaning mahalliy xom-ashyolarga tayanib ishlab chiqilishi va xizmat ko‘rsatish arzonligi uni iqtisodiy jihatdan raqobatbardosh qiladi. Qurilmaning energiya tejovchi xususiyatlari va past ekspluatatsion xarajatlari uni keng ko‘lamda joriy etish hamda tijoratlashtirish imkoniyatini oshiradi.


Maqsad: Qoraqalpog‘iston sharoitiga mos, kapillyar bug‘lanishga asoslangan, ikki yo‘nalishli havo oqimidan foydalanuvchi energiya-tejamkor havo tozalash va passiv sovitish qurilmasini yaratish, uning aerodinamik va termodinamik xususiyatlarini ilmiy jihatdan asoslash hamda muqobil energiya manbalarida barqaror ishlash samaradorligini eksperimental baholashdan iborat.


Usullar: tadqiqotda aerodinamik hisob-kitoblar, Bernulli qonuniga asoslangan havo tezligi-bosim taqsimoti tahlili, kapillyar materialning bug‘lanish samaradorligini laboratoriya sharoitida o‘lchash, HEPA-filtratsiya orqali chang va tuz zarrachalarining kamayishi bo‘yicha eksperimental baholash usullari qo‘llanildi.


Natijalar: tadqiqot natijalariga ko‘ra, kapillyar bug‘lanish orqali passiv sovitish 5-10°C harorat pasayishini ta’minlashi, HEPA-filtr orqali havodagi zarrachalar (PM10, PM2.5, PM1.0) sezilarli darajada kamayishi va qurilmaning umumiy energiya sarfi an’anaviy ventilyatsiya-sovitish uskunalariga nisbatan ancha past ekani aniqlandi. Quyosh paneli bilan birlashtirilganda qurilma to‘liq avtonom ishlash imkoniga ega bo‘ldi.

Mualliflar haqida

Qanday qilib iqtibos keltirish mumkin

Kamal M. Reymov, Asliddin G. Komilov, & Azizbek E. Kalmuratov. (2026). Qoraqalpog‘istonning changli-sho‘r muhitida past energiya talab qiluvchi kapillyar-bug‘lanishli havo tozalash qurilmasining samaradorligini tadqiq etish. ENERGIYA VA RESURS TEJASH MUAMMOLARI, 4(4), 26–32. Retrieved from https://energy.tdtu.uz/index.php/journal/article/view/271
Ko'rishlar soni: 36