Elektr stansiyada parallel ishlayotgan sinxron va asinxron generatorning imitatsion model asosidagi holat parametrlari tahlili
Referat
Dolzarbligi: so‘nggi yillarda dunyoning ko‘plab mamlakatlarida energiya resurslarini tejash, yangidan yangi muqobil energiya manbalarini yaratish va mavjud qayta tiklanuvchi energiya (QTE) manbalaridan oqilona foydalanish masalalariga alohida ahamiyat berilmoqda. Rivojlangan mamlakatlar bo‘yicha, «2020-yil uchun samaradorlikning muhim ko‘rsatkichlari sharhida QTE manbalarining eng katta ulushlari Shvetsiyaga - 60,1%, Finlyandiyaga - 43,8% va Latviyaga - 42,1% to‘g‘ri kelishi ma’lum qilingan. Ushbu mamlakatlardagi asosiy energiya ishlab chiqarish manbalari GES va SHES lar, shuningdek, biomassani qayta ishlash manbalari hisoblanadi». Bu borada, avtonom tizimlar quvvat manbalari tuzilishining soddaligi, texnik xizmat ko‘rsatishning qulayligi, nisbatan kichik massa (kVA/kg) va hajmga ega bo‘lishi, hamda holat parametrlarining barqarorligi kabi talablarga alohida ahamiyat berilmoqda. O‘tkazilgan tadqiqotlardan, elektr energiya manbai sifatida qisqa tutashgan rotorli asinxron generator (AG) lardan foydalanilganda boshqa turdagi mexanik o‘zgartirgichlarga qaraganda yuqori energetik ko‘rsatkichlarga egaligi, dinamik va statik xususiyatlarining ustunligi, texnik jihatdan yuqori ishonchliligi, tuzilishining oddiyligi va narxining arzonligi kabi asosiy parametrlarini inobatga olib, AG ni har qanday turdagi birlamchi dvigatellar yordamida harakatga keltiriladigan energetik tizimlardagi kabi avtonom stansiyalarda qo‘llanilishi – elektr energetikaga oid dolzarb masalalarni yechishga qaratilgan ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borishda muhim ahamiyatga ega hisoblanadi.
Maqsad: avtonom holatida parallel ishlayotgan sinxron generator (SG) va AG ning imitatsion modeli asosidagi natijalarni tahlil qilish va asoslash.
Usullari: imitatsion model asosida elektr energetikasi tizimlarining barqarorlashgan va o‘tkinchi rejimlarini tahlil qilish usullaridan foydalanildi.
Natijalar: qisqa tutashgan rotorli AG dan iborat quvvat manbasining yuklama miqdori o‘zgargan holatlarida holat parametrlari barqarorligiga ta’sirlari tahlil qilingan. Tahlil natijalari asosida AG ni qayta tiklanuvchi energiya manbalarida foydalanish bo‘yicha tegishli takliflar kiritildi.
