Parallel nasoslarning intellektual energiya tejamkor boshqaruv tizimi
Referat
Dolzarbligi: bugungi kunda suv ta’minoti va oqova suv tizimlarida qo‘llaniladigan nasos stansiyalari elektr energiyasining asosiy iste’molchilaridan biri hisoblanadi. Ayniqsa, parallel ishlaydigan nasos agregatlarining nomutanosib boshqaruvi energiya sarfining ortishi va ekspluatatsiya xarajatlarining ko‘payishiga olib kelmoqda. An’anaviy boshqaruv usul-lari ushbu muammolarni bartaraf eta olmayotgan sharoitda, zamonaviy intellektual boshqaruv tizimlarini joriy etish dolzarb masalaga aylangan. Zamonaviy boshqaruv usullaridan biri bu PLC kontrollerlar bilan integratsiyalashgan sun’iy neyron tarmoqlar (ANN)dan foydalanish bo‘lib, ular nasos tizimlarining ish rejimini doimiy kuzatib borish, o‘zgaruvchan yuklamalarga moslashish va optimal boshqaruv strategiyasini shakllantirish orqali energiya samara-dorligini sezilarli darajada oshirish imkonini yaratadi.
Maqsad: parallel ishlaydigan nasos qurilmalarining elektr yuritma tizimini modellashtirish va ularni boshqarish samaradorligini oshirish uchun optimallashtirilgan intellektual boshqaruv tizimini ishlab chiqish.
Usullari: tadqiqotda markazdan qochma nasos, asinxron dvigatel va chastota o‘zgartirgichlarning matematik modellari tuzildi. Boshqaruv tizimi MATLAB/Simulink muhitida modellashtirildi va neyron tarmoq asosidagi moslashuvchan algo-ritmlar yordamida sozlandi.
Natijalar: individual chastota boshqaruvi yordamida energiya sarfi o‘rtacha 25–35% gacha kamaytirildi. Bosimning barqarorligi va nasoslarning optimal ish nuqtasida ishlashi ta’minlandi. Gidravlik zarb va kavitatsiya holatlarining oldi olindi. Model real sharoitga yaqin ishlashga mos va amaliy qo‘llashga tayyor deb baholandi.
