Taqsimlovchi tarmoqlar samaradorligini oshirish uchun metaevristik usullar

TO'LIQ MATN:

Referat

Dolzarbligi: Taqsimlovchi elektr tarmoqlari (TET) asosan radial (ochiq) konfiguratsiyaga ega bo'lib, odatda markazlashtirilgan tarzda elektr energiyasini ishlab chiqarib, uni ta’minot markazlaridan iste’molchilarga yetkazib berishga asoslangan. Shu bilan birga, ular bir qator muammolarga duch kelmoqdalar, shu jumladan elektr yo'qotishlarining ko'payishi, elektr energiyasining sifatining yomonlashishi, xususan, kuchlanishning nominal qiymatlardan ogishi, quvvat koeffitsientining pasayishi, uskunaning haddan tashqari yuklanishi. Shu nuqtai nazardan, fotoelektrik stantsiyalar (FES) kabi taqsimlangan generatsiya (TG) va kondensator batareyalari (KB) kabi kompensatsiya uskunalarining (KU) integratsiyasi, TETda samaradorlikni oshirish va elektr sifatini yaxshilashning eng istiqbolli yo'nalishlaridan biridir. TG elementi sifatida FES asosan iste'molchiga yaqin joyda o’rnatiladi va aktiv quvvat manbai bo’lib tarmoqning bosh shahobchasidagi yuklamani kamaytiradi, KB esa reaktiv quvvatni qoplashning ananaviy vositasi bo'lib, tokning reaktiv tashkil etuvchisini kamaytiradi va kuchlanish profilini yaxshilaydi. Agar ular elektr tarmog'iga to'g'ri ulangan bo'lsa, EE yo'qotishlarining pasayishiga, kuchlanish profilining yaxshilanishiga va boshqa ijobiy xolatlarga olib keladi, ammo agar ular noto'g'ri ulangan bo'lsa, ular teskari ta'sir ko'rsatadi. Shuning uchun, TG va KB elementlarini o'rnatilish joyini va quvvatini tanlash masalasi juda muhim va dolzarb vazifa bo'lib, birinchi navbatda TETning energiya samaradorligini oshirishga ta'sir qiladi.


Maqsad. Radial taqsimlovchi elektr tarmoqlarida ulardagi yo'qotishlarni kamaytirish uchun TG va KU ni optimal joylashtirish uchun metaevristik usullarni tahlil etish va tanlash.


Usullar. TG va KUning o'rnatish joylari va quvvatini tanlash uchun 35 xil metaevristik usullar ko'rib chiqilgan. Tahlil natijalariga ko'ra, maqbul echimni olish ehtimoli juda yuqori bo'lgan usullar aniqlangan. Taklif etilayotgan metodologiya quyidagi bosqichlarni o'z ichiga oladi: usullarni tanlash; tanlangan usullar asosida o'rnatish joylari va elementlarning quvvatini tanlash; qo'shimcha sozlash orqali ko'rsatkichlarni yaxshilash. O'rnatishning uchta varianti ko'rib chiqilgan: IEEE 33 va 69 tugunli test taqsimlash tarmoqlarida ikkita, uchta va to'rtta FES va KB ornatilgan. TET ning barqaror holatini hisoblash teskari va to'g'ri yurishdan iborat ikki bosqichli usulda amalga oshirilgan. Maqsad funktsiyasi aktiv quvvat yo'qotishlarini minimallashtirish, kuchlanish profilini yaxshilash, shuningdek kuchlanish sezgirligi va quvvat yo'qotish omillarini yaxshilashga qaratilgan.


Natijalar. Olingan natijalarni tahlil qilish maqbul echimni topish uchun taklif etilayotgan metodologiyaning samaradorligini, shuningdek yo'qotishlarni kamaytirish, elektr energiyasi sifatini yaxshilash, tarmoqlarni modernizatsiya qilishni kechiktirish va iqtisodiy rentabellikni oshirish uchun TG va KU sinergiyasining katta salohiyatini koʻrsatadi.

Mualliflar haqida

Qanday qilib iqtibos keltirish mumkin

Muzaffar B. Xudayarov. (2026). Taqsimlovchi tarmoqlar samaradorligini oshirish uchun metaevristik usullar. ENERGIYA VA RESURS TEJASH MUAMMOLARI, (3), 195–205. Retrieved from https://energy.tdtu.uz/index.php/journal/article/view/238
Ko'rishlar soni: 27