"Keles” podstansiyasida yangi ishga kiritilayotgan 220 kV kuchlanishli L-2-K-4 liniyaning immitatsion releli himoya modelini ishlab chiqish
Referat
Dolzarbligi: zamonaviy elektr energetika tizimida, elektr tarmoqlari ishonchliligi va xavfsizligini ta’minlashda releli himoya muhim rol o‘ynaydi. Ayniqsa Markaziy Osiyo yagona energetika tizimida ekspluatatsiya qilinayotgan 220 kV va undan yuqori kuchlanishli havo elektr uzatish liniyalari uchun dolzarb hisoblanadi. Tahlillar shuni ko‘rsatdiki, mavjud releli himoya tizimlarining katta qismini elektromexanik qurilmalar tashkil etib, ularning aksariyati xizmat muddatini o‘tab bo‘lgan va texnik jihatdan eskirgan. Bu esa zamonaviy raqamli texnologiyalar asosida ishlab chiqilgan mikroprotsessorli qurilmalarga bosqichma-bosqich o‘tish zarurligini ko‘rsatadi.
Maqsad: DIgSILENT PowerFactory dasturiy ta’minot asosida 220/110/10 kV kuchlanishli “Keles” podstansiyasida yangi ishga kiritilayotgan L-2-K-4-220 kV kuchlanishli elektr uzatish liniyasining imitatsion releli himoya modelini ishlab chiqish.
Usullari: Elektron hisoblash mashinalari uchun loyihalash dasturlari, xususan DIgSILENT PowerFactory dasturiy ta’minot kutubxonasidagi Simens kompaniyasining mikroprosesorli 7SA6 versiyali qurilmasining modelidan foydalaniladi.
Natijalar: Yangi ishga kiritilayotgan L-2-K-4 havo elektr uzatish tarmog‘ining imitatsion modeli ishlab chiqilgan bo‘lib, ushbu imitatsion model yordamida real holat asosida verifikatsiya qilinishi natijasida model real holatlarga yuqori darajada mos kelishi isbotlandi. Shuningdek, immitatsion model yordamida himoya vositalarining ishlash holati tekshirildi hamda L-2-K-4 havo elektr uzatish tarmog‘ining masofali himoyasining birinchi, ikkinchi va uchinchi pog‘onalari doiraviy xarakteristikasi ichida joylashgan. Himoyaning birinchi, ikkinchi, uchinchi pog‘onalarining qarshiliklari mos holda 10,67 Om, 44,99 Om, 63,998 Om, ikkinchi va uchinchi pog‘onalarning sabr vaqtlari esa 1 va 3 sekundni tashkil etdi.
