Taqsimlangan generatsiya va kompenstsiyalovchi uskunalarga ega 110/35 kv elektr tarmoqlari barqarorlashgan holatlarini tahlil etish
Referat
Dolzarbligi: taqsimlovchi elektr tarmoqlari, asosan, radial (ya’ni, yopiq bo‘lmagan) konfiguratsiyaga ega bo‘lib, an’anaviy tarzda markazlashtirilgan elektr energiyasi ishlab chiqarish va uni ta’minot markazlaridan iste’molchilarga yetkazib berishga tayanib kelgan. Biroq hozirgi kunda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan, jumladan, quyosh panellari va shamol turbinalaridan foydalanishga asoslangan taqsimlangan generatsiyaning jadal joriy etilishi, shuningdek kuchlanishni tartibga solish va quvvat koeffitsientini yaxshilash, tarmoq samaradorligini oshirish maqsadida kompensatsiyalovchi qurilmalardan, jumladan, kondensator batareyalaridan foydalanish tobora kengaymoqda. Bunday qurilmalarni tarmoqqa joriy etish elektr energiyasi uzatishdagi yo‘qotishlarni kamaytirish orqali umumiy samaradorlikni oshirishga xizmat qiladi. Ammo, ayni paytda, taqsimlangan generatsiya elementlari va kompensatsiyalovchi qurilmalarni joriy etish an’anaviy passiv tarmoqlarga qaraganda ochiq taqsimlovchi tarmoqlar rejimlarini tahlil qilishda yangi va murakkab vazifalarni yuzaga keltiradi. Bu yangi elementlar quvvat oqimining ikki yo‘nalishda harakatlanishiga, kuchlanish tebranishlariga va tok darajasining o‘zgarishiga olib kelishi mumkin. Natijada, mavjud ishlash rejimlari hisoblash metodikalarini qayta ko‘rib chiqish va moslashtirish zarurati tug‘iladi. Bundan tashqari, qayta tiklanuvchi energiya manbalarining (quyosh, shamol, bioenergiya) o‘zgaruvchan va oldindan aniq bashorat qilish qiyin bo‘lgan xususiyati sababli, elektr tarmoqlari ishlash rejimlarini doimiy ravishda moslashtirib borish talab qilinadi. Shu munosabat bilan, 110/35 kV elektr tarmoqlari rejimlarini real sharoitlarda modellashtirish va ularni keyinchalik optimallashtirish zarurati ortib bormoqda. Ushbu mavzuning dolzarbligi, ayniqsa, O‘zbekiston, Markaziy Osiyo va boshqa rivojlanayotgan davlatlarda qayta tiklanuvchi energetika infratuzilmasini kengaytirish bo‘yicha strategiyalar amalga oshirilayotgan bir paytda, yanada ortib bormoqda. Elektr tarmoqlarining ishlashini texnik, iqtisodiy va ekologik samaradorlik mezonlari asosida tahlil qilish — hozirgi zamon talablariga mos keluvchi dolzarb ehtiyojdir.
Maqsad: taqsimlangan generatsiya va kompenstsiyalovchi uskunalarga ega 110/35 kVli elektr tarmoqlarida barqarorlashgan holat va elektr enrgiyasi isroflarini hisoblashdan iborat.
Usullari: tadqiqotda 110/35 kVli ochiq taqsimlovchi elektr tarmoqlari holatlarini hisoblashda ikki bosqichli (teskari va to’gri yurishga ega) usuldan, elektr energiyasi yo‘qotilishini hisoblashda esa o’rta yuklamalar usulidan foydalanilgan. Tahlil etish uchun to‘rt xil holat (hech qanday elementlarsiz, faqat quyosh elektr stansiyasi, faqat Reaktiv quvvat kompemsatsiya qurilmasi va ularning birgalikda ishlashi) ko’rib chiqilgan. Modellashtirish uchun MATLAB dasturlashtirish tizimidan foydalanilgan. Har bir holatda tugunlardagi kuchlanishlar, quvvat va elektr energiyasi yo‘qotishlari tahlil etilgan.
Natijalar: tadqiqot natijalariga ko‘ra, 110/35 kV elektr tarmoqlarida faqat quyosh elektr stansiyalari yoki faqat reaktiv quvvat manbalari alohida ishlatilgan holatlarda kuchlanish barqarorligida ijobiy o‘zgarishlar kuzatildi, biroq eng optimal samaradorlik va minimal energiya yo‘qotishlariga QES hamda reaktiv quvvat manbalarining birgalikdagi ishlatilishi orqali erishildi.
