Elektr energetika tizimlari holatlarini evristik usullar yordamida optimallashtirish
Referat
Dolzarblik: bugungi kunda elektr energiyasiga bo‘lgan talabning o‘sishi, tabiiy resurslarning keskin kamayib borayotganligi va ekologik muammolarning tobora dolzarb tus olayotganligi energetika tizimlariga qayta tiklanuvchan energiya manbalarida ishlovchi stansiyalarni keng joriy etish, ularning ish holatlarini rejalashtirish va boshqarishda barcha mezonlar bo‘yicha maksimal samarani ta’minlash shartlaridan kelib chiqishni talab etilmoqda. Hozirgi davrgacha ko‘plab elektr energetika tizimlari (EET)ning ish holatlarini optimallashtirishda an’anaviy usullar qatorida asosan gradient va nisbiy o‘sishlarning tengligi usullaridan keng foydalanib kelinmoqda. Shu bilan bir qatorda hozirgi davrda texnikaning ayrim sohalarida murakkab optimallashtirish masalalarini yеchishda bir qator evristik algoritmlarini qo‘llashga oid ilmiy-tadqiqot ishlari olib borilmoqda. Bunday usullarda an’anaviy usullardan farqli holda maqsad funksiyasi va funksional chegaraviy shartlarning uzluksizligi, masalaning bitta ekstremumga ega bo‘lishi kabi cheklovchi talablarning bo‘lmasligi optimallash aniqligini oshirish orqali qo‘shimcha samarani berish imkoniyatlarni ta’minlaydi. Shu sababli, ulardan elektr energetika tizimlarining holatlarini optimallashtirishda foydalanish imkoniyatlarini o‘rganish va tadqiq qilish muhim ahamiyat kasb etadi. Ushbu maqolada evristik usullardan zarrachalar to‘dasi optimizatsiyasi (PSO – Particle Swarm Optimization) algoritmlarini EET holatlarini optimallashtirish masalalarini еchishda qo‘llash imkoniyatlarining tadqiqi natijalari keltirilgan va ulardan zamonaviy murakkab EET holatlarini optimallashtirishda samarali foydalanish mumkin ekanligi ko‘rsatilgan.
Maqsad: EET holatlarini optimallashtirishda PSO (particle swarm optimization) algoritmlarining samaradorligini tadqiq qilish, ularning afzalliklarini aniqlash va amaliy qo‘llanilish imkoniyatlarini baholashdan iborat.
Usullar: tadqiqotda an’anaviy nisbiy o‘sishlarning tenglik usuli hamda evristik usullardan PSO (zarrachalar to‘dasi optimizatsiyasi) algoritmlari. MATLAB dasturiy tizimidan foydalanilib, olingan natijalar aniqlik va samaradorlik bo‘yicha taqqoslanib, tahlil qilindi.
Natijalar: ko‘rib o‘tilgan evristik optimallashtirish usullaridan murakkab EET holatlarini rejalashtirish va boshqarish masalalarini еchishda samarali foydalanish mumkin ekanligi ko‘rsatilgan.
