Elektr energetika tizimlarining holatlarini dekompozitsiyalash asosida kompleks optimallashtirish
Referat
Dolzarblik: elektr energetika tizimi (EET)ning holatini kompleks optimallashtirish, umumiy holatda, uning qisqa muddatli faoliyat davrining har bir vaqt intervalida ruxsat etilgan ish holatlari sohasida barcha rostlanuvchan parametrlar, ya’ni optimallashda qatnashuvchi stansiyalarning aktiv va reaktiv quvvatlari, boshqa rostlanuvchan manbaalarning reaktiv quvvatlari, tayanch tugunlarining kuchlanishlari, rostlanuvchan transformatorlarning transformatsiyalash koeffitsiyentlari kabilarning elektr energiyani ishlab chiqarish, uzatish va taqsimlash bilan bog‘liq bo‘lgan umumiy xarajatlarni minimal bo‘lishini ta’minlovchi qiymatlarini topishdan iborat. Ushbu masalani ta’sir etuvchi va cheklovchi faktorlarni hisobga olib, yetarlicha katta aniqlikda yechish uchun mavjud modellar va ular asosida hisoblash algoritmlarini takomillashtirish talab etiladi.
Maqsad: elektr energetika tizimlarining qisqa muddatli holatlarini rejalashtirishda barcha rostlanuvchan parametrlar bo‘yicha kompleks optimallashtirish masalasining matematik modellarini zamonaviy usullar asosida takomillashtirishdan va uni yechishning samarali algoritmlarini ishlab chiqishdan iborat.
Usullar: tadqiqot jarayonida elektr energetika tizimlarining barqarorlashgan holatlarini hisoblash va optimallashtirishning zamonaviy nazariyasi, nochiziqli matematik dasturlash va tizimiy tahlil usullaridan foydalanilgan.
Natijalar: elektr energetika tizimlarining qisqa muddatli holatlarini dekompozitsiyalash asosida kompleks optimallashtirishning mavjud model va usullari takomillashtirilgan. Uning samaradorligini 8-tugunli test sxemasi misolida tadqiq etish natijalari keltirilgan.
